Yo‘q, ko‘ndi. Faqat quvonch bilan:
– Ishqilib, endi hovlili bo‘lib qolamizmi? – deb so‘radi.
Bunga javoban Akbarali bosh irg‘ab qo‘ydi, xolos.
Xolnisa yosh boladay chapak chalib, osmonga sakradi.
* * *
Biroq holva degan bilan og‘iz chuchib qolmas ekan.
Akmal juda oddiy qilib biznes-rejaning mohiyatini aytib bergandi: biron ikki minglarga olti sotix yer sotib olish, bir yarim minglarga poydevor ko‘tarish, yigirma mashina tuproq olib kelib yoz bo‘yi g‘isht quyish, darrov devorni ko‘tarishga kirishish, ikki xonali vaqtinchalik uy tiklab, o‘sha yerga ko‘chib o‘tish va qolganini asta-sekin quraverish. Ya’ni tor joyda, oilaviy yotoqxonadagi katalakda osh yegandan ko‘ra, olti sotixli katta yerda musht yeyish…
Biroq bularning bari… aytishga oson ekan.
Orada quvonchdan ko‘zlari charaqlay boshlagan, yuz terisi silliqlashib, chiroyli bo‘lib ketgan, go‘yoki o‘n yoshga yashargan Xolnisaning baxtiyor kunlari demasa, Akbaralining boshi tashvishdan chiqmay qoldi.
Akmal maslahatko‘ndi.
Avval sira unamay, “Qarz olib bo‘lsayam o‘zimiz alohida to‘y qilamiz, meni nomuslarga o‘ldirmang!” deya oyoq tiragan Xolnisa kutilmaganda muloyimgina bo‘lib, Sherzodning sunnat to‘yini qaynog‘asining bolalari to‘yiga qo‘shib yuborishga rozilik berdi.
Kichkinagina to‘y bo‘lib o‘tdi.
Ammo Xolnisa nolimadi.
Zero ayol yaqinda olinajak yoki qurilajak hovlisida o‘g‘ilchasining katta to‘yini barcha tanish-bilishlari, sobiq qo‘ni-qo‘shnilarining havasini va hasadini keltiradigan darajada ka-atta qilib o‘tkazish rejasini tuzib qo‘ygandi.
Juvon qarz olish lozimligini eslatib charchamasdi, Akbarali bo‘lsa turli-tuman bahonalar bilan bu kunni orqaga surardi!
Axiyri bo‘lmadi. Bir kuni tong sahardan erini uyg‘otgan Xolnisa unga sal uniqqan bo‘lsa-da, yaxshilab yuvilgan, ixlos bilan dazmollangan kostyum-shimini, oq ko‘ylak va bo‘yinbog‘ni tutarkan, ishonch bilan:
– Bugun boring! – dedi. – Tushimda ayon bo‘ldi. Qarz olib, ikki qavatli dang‘illama hovli quribmiz.
– Har joyning ham o‘z egalari bor, xotin, – yana yotig‘i bilan tushuntirishga urindi Akbarali. – Begonaga shuncha pulni berib yuboradigan ahmoq yo‘q. Qolaversa, foizi ham falon pul bo‘ladi…
– Qanaqa foiz? – hayron bo‘lib so‘radi Xolnisa.
Akbaraliga jon kirdi.
– Surishtirib ko‘rdim, xotin, – dedi u darhol. – Menam bekor yurganim yo‘q. Yillik foizining o‘zi o‘ttiz olti ekan.
– U nima degani? – battar ajablandi Xolnisa.
Akbarali sudxo‘rlikning mohiyati haqida bir oz tushuncha bergan bo‘ldi. Ammo do‘st-dushmanning ko‘zini kuydiradigan yangi dang‘illama uy ilinjida yurgan ayol bu izohlarni unchalik tushunmadi.
– Avvallari qarz ol-da, xotin ol, xotin yonga qoladi deyishardi, –dedi juvon qat’iyat bilan. – Endi bu maqol o‘zgargan. Endi qarz ol-da, uy sotib ol, uy yonga qoladi, qarzni bir amallab qaytarasan deyishadi.
Akbarali yana kuyib-pishib bir nimalarni tushuntirishga urindi. Befoyda. Xolnisa bir gapni to‘tiqushday takrorlayverdi:
– Odamlar olayapti-ku…
Oxiri jig‘ibiyroni chiqqan Akbarali yangi kiyimlarini
kiydi-yu, atrofida girdikapalak bo‘layotgan xotinining olqish-duolari ostida shosha-pisha uyni tark etdi.
* * *
Akbarali bejiz xavotirlanmagan ekan.
Uy qurish yoki sotib olish uchun qarz undirishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari, yelib-yugurib to‘g‘rilanadigan bir qop me’yoriy hujjatlari bor ekan.
Ammo eng asosiysi – qiymati olinayotgan qarz miqdoridan kamida biru chorak barobar ko‘proq bo‘lgan garov mulki kerak ekan.
Akbaralida garovga qo‘yishga arzirli mulkning o‘zi yo‘q edi. Mabodo bunday mulkni topgan taqdirida ham, olgan qarzini vaqtida qaytarishga ishonchi yo‘q edi.
Akbarali “erta… indin… ko‘rilayapti… komissiya yig‘ilsin” deb yana bir-ikki oyni amallab o‘tkazdi. Biroq Xolnisaning ahvoli tobora yomon bo‘lib bormoqdaydi. Erining kurakda turmaydigan bahonalarini eshitgan zahoti lablari pir-pir uchib, rangi ko‘karib ketayotgan juvon endi sira tilini tiyib turolmaydigan bo‘lib qolgandi.
Akbarali yaxshi gapirib ham ko‘rdi, baqirib-chaqirdi ham, hatto bir-ikkibergan shahar chekkasidagi, uy-joy uchun qurilish uchastkalari ajratilgan joylarning ham narxi oshib ketibdi. Dallollardan biri ishonch bilan:
– Qaerga borsangiz boravering, to‘rt mingdan kamiga yer yo‘q! – dedi.
Akbarali izlayverdi. Oxiri uy qurish uchun olib qo‘ygan olti sotix yerini uch mingga sotishga rozi bo‘lgan bir odamni topdi. O’zini Mansur deb tanishtirgan bu odam gapiga qaraganda, o‘g‘lini shoshilinch uylantirayotgan ekan, shuning uchun pul zarur bo‘lib qolibdi. Bo‘lmasa-ku, kelajakda oltinga teng bo‘ladigan yerni arzimagan pulga sotib yuborishni xayoliga ham keltirmagan ekan.
“Kelajakda oltinga teng bo‘ladigan yer” o‘t bosib yotgan quruq yer edi. Akbarali shunga ham quvondi.
Bunaqangi savdolarga ishi tushib yurmagan Akbarali yer egasining o‘zidan yo‘l-yo‘riq so‘radi:
– Bu yog‘i endi qanday bo‘ladi?
– E, bu yog‘i juda oson! – dedi Mansur aka kiprik qoqmay. – Siz menga pulni berasiz, men sizga tilxat yozib beraman. Tilxat bu hujjat. Yo menga ishonmaysizmi?
Akbaralining issig‘i chiqib ketdi:
– Yo‘g‘-e. Bu nima deganingiz, aka?
– Qoidasi shunaqa-da o‘zi, ukam.
Xuddi shunday qilishdi: Mansur aka tilxat yozib berib, Akbaralidan uch mingni sanab oldi.
* * *
Savdo-sotiqdan so‘ng oradan bir haftaga yaqin vaqt o‘tdi.
Akbarali ta’tilga chiqdi.
Bir kuni erta tongda o‘zi sotib olgan yerni ko‘rmoqni mo‘ljalladi. U yer chekkasini belgilab chiqmoqchi, so‘ng ustalar bilan gaplashib, poydevor qurish ishlarini boshlab yubormoqchi edi.
Hali quyosh ufqda yuz ko‘rsatmagan edi.
Shunga qaramay, atrof yop-yorug‘.
Akbarali shudringga ko‘milgan o‘t-o‘lanlarni bosib o‘tib dalaga yetib keldi.
Ajabki, u sotib olgan yerda novcha bir kishi g‘imirlab yurardi.
Akbarali shoshib shu tomonga yurdi.
Salom-alik, “hormang, bor bo‘ling”lardan keyin novcha kishi g‘urur ila shu yerni uch mingga sotib olganini aytib maqtandi.
Akbarali garangsib qoldi. So‘ng simillab og‘rigan yuragini siqimlarkan, quruqshab ketgan lablarini yalagancha:
– Adashmayapsizmi? – deb so‘ray oldi, xolos.
Endi novcha kishi Akbaraliga ajablanib qaradi…
* * *
Bo‘ldi qiziq hangomalar.
Tez orada ayon bo‘ldiki, Mansur aka deganlari xuddi shu olti sotix yerni to‘rt kishiga sotgan ekan. Aslida yer… Mansur degan odamga tegishli emas ekan.
Mansur aka deganlarini topib bo‘lmadi.
Aytishlaricha, aldanganlardan bittasi militsioner yordamida uni bir amallab topibdi. Ammo Mansur aka deganlari:
– Men senga yer sotmaganman! – deb turaveribdi. – Sotadigan yerim ham yo‘q! – debdi keyin.
Shunda tilxatni ko‘rsatishibdi.
Mansur aka deganlari ilonning yog‘ini yalagan ekan.
– Bu notarius tasdig‘idan o‘tmagan, bir pullik ahamiyati yo‘q, – deb turib olibdi. So‘ng o‘zini topgan odamga do‘q urishga tushibdi: – Esingdan chiqdimi, to‘rtta sheriging bilan kelib, meni urib-tepib, “o‘ldiramiz” deb qo‘rqitib, shu tilxatni yozdirib olganding…
Xullas, shunaqa gaplar…
Ozgina ilinj, umid bor. Ammo buni eshitgandan so‘ng Akbarali chuv tushganini angladi.
Mol achchig‘i – jon achchig‘i.
Shusiz ham necha