– Qaerga borsangiz boravering, to‘rt mingdan kamiga yer yo‘q! – dedi.
Akbarali izlayverdi. Oxiri uy qurish uchun olib qo‘ygan olti sotix yerini uch mingga sotishga rozi bo‘lgan bir odamni topdi. O’zini Mansur deb tanishtirgan bu odam gapiga qaraganda, o‘g‘lini shoshilinch uylantirayotgan ekan, shuning uchun pul zarur bo‘lib qolibdi. Bo‘lmasa-ku, kelajakda oltinga teng bo‘ladigan yerni arzimagan pulga sotib yuborishni xayoliga ham keltirmagan ekan.
“Kelajakda oltinga teng bo‘ladigan yer” o‘t bosib yotgan quruq yer edi. Akbarali shunga ham quvondi.
Bunaqangi savdolarga ishi tushib yurmagan Akbarali yer egasining o‘zidan yo‘l-yo‘riq so‘radi:
– Bu yog‘i endi qanday bo‘ladi?
– E, bu yog‘i juda oson! – dedi Mansur aka kiprik qoqmay. – Siz menga pulni berasiz, men sizga tilxat yozib beraman. Tilxat bu hujjat. Yo menga ishonmaysizmi?
Akbaralining issig‘i chiqib ketdi:
– Yo‘g‘-e. Bu nima deganingiz, aka?
– Qoidasi shunaqa-da o‘zi, ukam.
Xuddi shunday qilishdi: Mansur aka tilxat yozib berib, Akbaralidan uch mingni sanab oldi.
* * *
Savdo-sotiqdan so‘ng oradan bir haftaga yaqin vaqt o‘tdi.
Akbarali ta’tilga chiqdi.
Bir kuni erta tongda o‘zi sotib olgan yerni ko‘rmoqni mo‘ljalladi. U yer chekkasini belgilab chiqmoqchi, so‘ng ustalar bilan gaplashib, poydevor qurish ishlarini boshlab yubormoqchi edi.
Hali quyosh ufqda yuz ko‘rsatmagan edi.
Shunga qaramay, atrof yop-yorug‘.
Akbarali shudringga ko‘milgan o‘t-o‘lanlarni bosib o‘tib dalaga yetib keldi.
Ajabki, u sotib olgan yerda novcha bir kishi g‘imirlab yurardi.
Akbarali shoshib shu tomonga yurdi.
Salom-alik, “hormang, bor bo‘ling”lardan keyin novcha kishi g‘urur ila shu yerni uch mingga sotib olganini aytib maqtandi.
Akbarali garangsib qoldi. So‘ng simillab og‘rigan yuragini siqimlarkan, quruqshab ketgan lablarini yalagancha:
– Adashmayapsizmi? – deb so‘ray oldi, xolos.
Endi novcha kishi Akbaraliga ajablanib qaradi…
* * *
Bo‘ldi qiziq hangomalar.
Tez orada ayon bo‘ldiki, Mansur aka deganlari xuddi shu olti sotix yerni to‘rt kishiga sotgan ekan. Aslida yer… Mansur degan odamga tegishli emas ekan.
Mansur aka deganlarini topib bo‘lmadi.
Aytishlaricha, aldanganlardan bittasi militsioner yordamida uni bir amallab topibdi. Ammo Mansur aka deganlari:
– Men senga yer sotmaganman! – deb turaveribdi. – Sotadigan yerim ham yo‘q! – debdi keyin.
Shunda tilxatni ko‘rsatishibdi.
Mansur aka deganlari ilonning yog‘ini yalagan ekan.
– Bu notarius tasdig‘idan o‘tmagan, bir pullik ahamiyati yo‘q, – deb turib olibdi. So‘ng o‘zini topgan odamga do‘q urishga tushibdi: – Esingdan chiqdimi, to‘rtta sheriging bilan kelib, meni urib-tepib, “o‘ldiramiz” deb qo‘rqitib, shu tilxatni yozdirib olganding…
Xullas, shunaqa gaplar…
Ozgina ilinj, umid bor. Ammo buni eshitgandan so‘ng Akbarali chuv tushganini angladi.
Mol achchig‘i – jon achchig‘i.
Shusiz ham necha kundan