– Dadasi… – dedi zorlanib Xolnisa.
Akbarali avvaliga o‘zini eshitmaganga solib ko‘rishga urindi, hatto jon-jahdi bilan gazeta o‘qiyotganday tutdi.
Ammo Xolnisa bo‘sh keladigan ayollardan emas.
– Dadasi… – dedi juvon bu safar sal zardali ohangda.
Bo‘ron boshlanib kelayotganini anglagan Akbarali og‘ir uf tortdi va noiloj xotiniga o‘girildi.
Ana endi Xolnisaga xudo berib qoldi. Birdan ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan juvon “qult” etib tupugini yutarkan, alamli ohangda dedi:
– Shunaqa… Endi bu odam bizning gaplarimizni eshitmaydi… O’zimizam yoqmay qolganmiz, so‘zimizam…
Akbarali qo‘shni xonadagi Sherzod eshitib qolmasligi uchun ovozini pasaytirib dedi:
– Nima deysan? Yana o‘sha gapdir-da.
– Ha, o‘sha gap, – birdan jahl bilan o‘shqirdi Xolnisa. So‘ng ko‘zyoshlarini tiya olmay, bidirlab ketdi: – O’lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim qo‘shnilarning dastidan. Kecha anavi Saltanatga “Uyga servant omoqchiydik” desam, yashshamagur pixillab kulib nima deydi deng?
Xolnisa eriga savolomuz qaradi.
Akbarali avval yelka qisdi, so‘ng o‘ziga baqrayib tikilib qolgan xotinidan sas chiqavermagach, so‘rashga majbur bo‘ldi:
– Xo‘sh, nima dedi?
– Bopladi, yashshamagur! Iloyo og‘zingdan qoning kelgur!..
– Xo‘sh, nima dedi? – betoqatlanib so‘radi Akbarali.
– O’l dedi, dard dedi! – avjini kuchaytirdi Xolnisa. So‘ng erining afti burishayotganini ko‘rgach, darhol maqsadga ko‘chdi: – “Mosh sig‘magan orqangizga loviyani tiqib nima qilasiz?” dedi yashshamagur.
Akbarali hayron qoldi.
– Servantga moshning nima aloqasi bor?
Xolnisa eriga ikki karra ikki to‘rt bo‘lishini tushuntirayotgandek ta’kidlab, so‘zlarni chertib-chertib dedi:
– Uyimizning torligini aytdi-da u yashshamagur! Eri to‘rt xonani egallab olgan. Siz bo‘lsangiz, ammamning buzog‘iga o‘xshab…
– Bo‘ldi! – dedi bo‘g‘riqib ketgan Akbarali jahl bilan. – Plastinkangni to‘xtat! Yo boshqasini qo‘y.
– Nega to‘xtatarkanman?! – bobillab berdi Xolnisa. – Yo gapi noto‘g‘rimi? Yo‘q, to‘ppa-to‘g‘ri! Siz menga jahl qilmang, dadasi, jahl qilmang. Undan ko‘ra hammaga kulgu bo‘lib yurganimiz uchun o‘zingiz uyaling. Axir qachongacha umrimiz shu katalakda o‘tadi? Mehmon chaqirolmasak, o‘zimiz emin-erkin birovnikiga borolmasak. Yana ikki-uch yildan keyin Sherzodingiz kap-katta bola bo‘ladi. Bilmayman, to‘yni qaerda o‘tkazasiz…
Akbaralining tili qichidi, ammo darrov o‘zini bosdi. Zero u hozir nima desa ham tor uyda yashayverib, keng-mo‘l uyni orzu qila-qila yurak-bag‘ri siqilib ketgan Xolnisa alamini to‘kib solish uchunoq kamida yana yarim soat baqir-chaqir qilishi, keyin esa xo‘rligi kelib, rosa yig‘lab olishi aniq edi.
“Ayollarga oson, – deb o‘ylardi shunaqa paytlari Akbarali. – Hech bo‘lmasa ko‘zyoshi to‘kib sal yengil tortib olishadi. Qiyindan bizga qiyin…”
Darhaqiqat, bunday chog‘larda tashqaridan xotirjam ko‘rinsa-da, Akbarali sas chiqarmay iztirob chekar, diliga quyilayotgan alam-iztirob, chorasizlikdan qiynalish tuyg‘ulari esa asta-sekin madda boylab, yuragini siquvga olayotgan